Klublardan daraklar | BMB PFC yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi
Mamlakatimizning amaldagi chempioni va O‘zbekiston kubogi sohibi – Jizzaxning BMB PFC jamoasi 5-avgust sanasidan Toshkentda 2026/2027-yilgi mavsum oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga rasman kirishdi.
Mashg‘ulotlar murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida olib borilib, tayyorgarlik jarayonida futzalchilarning jismoniy, texnik va taktik ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, jamoa safiga yangi qo‘shilgan futzalchilarning o‘yin tizimiga moslashuvi, tarkibdagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash hamda jamoaviy uyg‘unlikni shakllantirish tayyorgarlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu o‘rinda jamoa tarkibidagi o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak klub o‘tgan yilgi o‘zagini saqlab qoldi. Shuning barobarida bir qator o‘yinchilar bilan xayrlashdi. Bular Muzaffar Axadjonov, Hebbert Oliveira de Xesus Souza – Bolt, Joao Florensio, Davlat Ibragimov, Davron Choriyevlardir. O‘z navbatida jamoaga yangi, yosh futzalchilar taklif etildi. Jumladan, “Nasaf” jamoasidan Asilbek Vafoyev, Doniyorbek Amanbayev, “Olmaliq”dan Shaxram Faxriddinov, yosh iqtidorli darvozabonlar – Shohjahon Zamirxonov, Shahzod Abdurahmonov, Samarqand futzali tarbiyalanuvchisi Jamoliddin Sattorov BMB PFC mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
To‘rt karra O‘zbekiston chempioni, to‘rt karra mamlakat kubogi sohibi – BMB PFC yangi mavsumda ham o‘z oldiga eng yuksak vazifalarni qo‘ygan. Jamoa yangi mavsum hisobidan ilk rasmiy uchrashuvini 2-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Superkubogi doirasida Toshkentning SQB jamoasiga qarshi o‘tkazadi.