Klublar o'rtasidagi JCh. “Real” ochko yo'qotdi, “Yuventus”dan esa yirik g'alaba
AQSh mezbonligida o'tayotgan Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatining 1-tur uchrashuvlari o'z yakuniga yetdi. Turnirning so'nggi kunida uchta o'yin bo'lib o'tdi.
Dastlab, “H” guruhi favoritlaridan biri hisoblangan “Real Madrid” “Al-Hilol”ga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang o'ynadi. Gollarga Gonsalo Torres va Ruben Nevesh mualliflik qildi.
90+2-daqiqada madridliklar penalti ishlab olishdi, biroq Federiko Valverde ushbu vaziyatdan foydalana olmadi.
“H” guruhidan o'rin olgan yana bir bahsda “Pachuka” va “RB Zalsburg” o'zaro bahs olib bordi va yakunda avstriyaliklar 2:1 hisobida g'alaba qozondi.
“RB Zalsburg” safidan Oskar Glux va Karim Onisivo o'z nomiga bittadan gol yozdirib qo'ydi. Brayan Gonsales esa “Pachuka”ning yagona javob to'piga mualliflik qildi.
Ma'lumot o'rnida, ushbu bahs ob-havoning noqulayligi sabab bir yarim soatga to'xtatildi.
Musobaqaning 1-turini yakunlab bergan o'yin “Al-Ayn” va “Yuventus” o'rtasida kechdi va unda Turin klubi raqib darvozasiga javobsiz beshta to'p kiritdi (5:0).
Bellashuvda Randal Kolo Muani va Fransisko Konseysao dubl qayd etgan bo'lsa, yana bir gol Kenan Yildiz nomiga yozildi. Shu tariqa, “Yuventus” turnirni yirik hisobdagi g'alaba bilan boshlab, “G” guruhi peshqadamiga aylanib oldi.