Klublar o'rtasidagi jahon chempionatida ishlaydigan hakam Ilgiz Tantashev haqida nimalarni bilish kerak?
Yozda AQShda Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati bahslari bo'lib o'tadi. Kuni kecha ushbu musobaqada ishlaydigan hakamlar nomi e'lon qilindi. Ular orasida o'zbekistonlik FIFA hakami Ilgiz Tantashev ham bor. Xo'sh, bu hakam haqida nimalarni bilish kerak?
Ilgiz Tantashev 1984 yilning 5 aprel sanasida Buxoroda tug'ilgan. Otasi o'z vaqtida o'rta darajadagi futbolchi bo'lgan. Shu bois Ilgiz futbol muhitida katta bo'lgan va 7 yoshdan qo'shni bola bilan birga futbol maktabiga borishni boshlagan. Yoshligida faqat futbolchi bo'lishni orzu qilgan va so'nggi himoyachi bo'lib o'ynagan. Shavkat Salomov va Ildar Magdeev kabi professional futbolchilar bilan birga o'ynagan. 15 yoshida o'ng oyog'ining son qismidan jiddiy jarohat olgan va uzoq muddat davolanishga majbur bo'lgan. Jarohatdan qutulganidan keyin o'ng oyoqda kuchli zarba bera olmay qolgan edi. Professional futbolchi bo'la olmagach institutga o'qishga kirgan. O'qishdan bo'sh vaqtlarda avtomobil tuzatish servisida ishlagan. Kunlardan birida sobiq hakam Noil Lutfullin o'z mashinasini tuzatishga olib keladi va futbol maktabi orqali tanish bo'lgan Ilgizni ko'rib qoladi. Futbolchilik faoliyatini tugatganini bilgan Noil Lutfullin unga bolalar futbolida hakamlik qilishni taklif qilgan. 20 yoshdan bolalar futbolida hakamlik qilishni boshlagan edi.
2005 yildan O'zbekiston birinchi ligasida qanot hakami sifatida ishlay boshlagan. 2008 yilgacha qanot hakamida faoliyat olib borgan. Undan keyin ikki yil ham bosh hakam, ham qanot hakami bo'lib ishlagan. 2010 yildan esa faqat bosh hakamga aylangandi.
2010 yildan O'zbekiston oliy ligasida (Superliga) bosh hakam sifatida debyut qilgan va o'sha mavsum 3 ta bahsda ishlagan. Bugunga kelib Tantashev O'zbekiston oliy ligasida 150 dan ziyod o'yinda faoliyat olib borgan.

2014 yildan Tantashev FIFA hakamiga aylangan va xalqaro o'yinlarda ishlashni boshlagan. Uning birinchi xalqaro uchrashuvi Osiyo chempionlar ligasi doirasidagi "Beyjing Guan" (Xitoy) - "Chonburi" (Janubiy Koreya) uchrashuvi bo'lgan. O'sha bahsda zaxira hakami bo'lgan. Bosh hakam sifatidagi ilk xalqaro o'yini esa OFK kubogi doirasidagi "Al Qodisiya" (Kuvayt) - "Al Hidd" (Bahrayn) bo'lgan.
Bu hakam 2016 yilda Qatar mezbonlik qilgan U-23 Osiyo kubogi final bosqichida ishladi. Tantashev guruh bosqichida ikkita va 1/4 finalda bitta uchrashuvda bosh hakam bo'lgan.
2019 yil faoliyatida ilk bor kattalar o'rtasidagi Osiyo kubogi final bosqichida ishlash imkoniyatiga ega bo'ldi. BAAda o'tgan qit'a chempionatida Tantashev guruh bosqichi doirasidagi Hindiston - Bahrayn uchrashuvini boshqarib borgan.
Tantashev 2019 yil Polshada o'tgan U-20 Jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar ro'yxatidan ham joy oldi. Biroq o'sha mundialda Ilgiz ikkita uchrashuvda faqat zaxira hakami bo'lib ishladi xolos.
2019 yil oxirida Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi O'zbekiston Liga kubogi final uchrashuvida ishlagan.
2020 yil Superliganing 1-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Navbahor" uchrashuvidagi qarorlari tufayli 4 oy muddatga hakamlikdan chetlatilgan edi. O'sha chetlatishdan keyin hattoki faoliyatini yakunlash haqida jiddiy o'ylagan.
2024 yil boshida Qatarda o'tgan Osiyo kubogida jami 7 ta uchrashuvda ishlagan. Ulardan 3 tasi bosh hakam sifatida, qolgan 4 tasida zaxira hakami sifatida. Iordaniya va Qatar o'rtasidagi musobaqaning final bahsida Tantashev zaxira hakami bo'lgan.
2024 yil OFK Tantashevni qit'aning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan Osiyo chempionlar ligasi final uchrashuviga tayinlagan. Xabaringiz bo'lsa kerak, OChL finali uy-safar tizimida o'tadi va Tantashev ikkinchi, ya'ni hal qiluvchi finalda ishlagandi.
2024 yil Parijda o'tgan Olimpiadada jami 4 ta o'yinda bosh hakam bo'lgan. Chorak final doirasidagi Fransiya - Argentina va yarim final doirasidagi Marokash - Ispaniya uchrashuvlari shular jumlasidan. Yarim finalning 11-daqiqasida oyog'idan jiddiy jarohat olgan va uchrashuvni oxirigacha yetkaza olmagandi.
Bugungi kunda Tantashev o'z yordamchilari Timur Gaynullin va Andrey Tsapenko bilan birga AQShda o'tadigan FIFA klublar o'rtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Mundial 14 iyun kuni start oladi.