locale OZ

Klub rahbariyati - yoshlar orasida: Shahrixondagi tarbiyalanuvchilar kichik maydondan katta arenalari sari

To'garak murabbiyi Nizomov Muhammadkomiljon o'z mehnati va fidoyiligi bilan yoshlar qalbida sportga bo'lgan muhabbatni uyg'ota olgan mutaxassislardan.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Klub rahbariyati - yoshlar orasida: Shahrixondagi tarbiyalanuvchilar kichik maydondan katta arenalari sari
photo: Andijon fk

Klub rahbariyati - yoshlar orasida: Shahrixondagi tarbiyalanuvchilar kichik maydondan katta arenalari sari

Ma'lumki, Muhtaram Prezidentimizning “Yoshlarning sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish to'g'risida”gi PQ-443-sonli qarori yurtimizda yoshlar siyosatida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu qarorga muvofiq, haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilangani esa sog'lom turmush tarzini ommalashtirishda muhim qadam bo'ldi.

Aynan shu ezgu maqsadlar yo'lida “Andijon” futbol klubi ham amalda faol ishtirok etib, joylarda futbol maktablari va to'garaklar tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvlar o'tkazib kelmoqda. Bunday uchrashuvlar nafaqat yoshlarga ruhiy ko'tarinkilik bag'ishlaydi, balki ularning kelajakdagi katta sport sari qadamlarini mustahkamlaydi.

Shunday uchrashuvlardan biri bugun Shahrixon tumanida bo'lib o'tdi. Bu yerdagi Xoldonbek hududida joylashgan 3-sonli texnikum qoshidagi “Istiqlol” futbol to'garagi so'nggi yillarda iqtidorli yoshlarni tarbiyalab kelayotgan maskanlardan biriga aylangan. Uch yil muqaddam tashkil etilgan ushbu to'garak bugungi kunda o'z samarasini bermoqda.

To'garak murabbiyi Nizomov Muhammadkomiljon o'z mehnati va fidoyiligi bilan yoshlar qalbida sportga bo'lgan muhabbatni uyg'ota olgan mutaxassislardan. Quvonarlisi, bu yerda tarbiya topgan ilk shogirdlardan biri bugun “Andijon” jamoasi sharafini himoya qilayotgan futbolchi Muhammadkarim Toirovdir. Uning bugungi yutuqlari ortida aynan shu kichik to'garakda qo'yilgan mustahkam poydevor yotgani bejiz emas.

“Andijon” klubi rahbariyati, Andijon futbol assosiasiyasi vakili, fan-klub raisi va jamoa a'zolari ushbu maskanga tashrif buyurib, yosh futbolchilar bilan samimiy muloqot o'tkazdilar. Uchrashuv davomida bolalarga motivasion ruhdagi suhbatlar o'tkazilib, katta sportga intilish, intizom va mehnatning ahamiyati haqida qimmatli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, klub tomonidan yosh sportchilarga zarur sport anjomlari taqdim etildi. Bu esa ular uchun nafaqat amaliy yordam, balki katta ishonch va e'tibor ramzi sifatida qabul qilindi.

Eng muhimi, tashrif davomida bolalar shug'ullanayotgan futbol maydoni va mavjud sharoitlar atroflicha o'rganildi. Klub rahbariyati ushbu hududda infratuzilmani yanada yaxshilash, zamonaviy shart-sharoitlar yaratish borasida aniq chora-tadbirlarni belgilab oldi. Bu esa kelgusida yanada ko'plab iqtidorli yoshlarni kashf etishga xizmat qilishi shubhasiz.

Zero, katta chempionlar aynan shunday oddiy, ammo orzularga boy maskanlarda shakllanadi. Shahrixondagi bu uchrashuv esa yana bir bor shu haqiqatni isbotladi: e'tibor va imkoniyat bo'lsa, har bir hududdan yangi yulduzlar porlaydi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting