Klopp Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi – Romano
Germaniyalik mutaxassis Yurgen Klopp rasmiy ravishda Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda jurnalist Fabrizio Romano ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, Kloppning uzoq muddatli shartnomasi hamda uning Red Bull tizimidan ketishi bilan bog'liq ayrim tafsilotlar hali ham muhokama qilinmoqda. Biroq 59 yoshli murabbiy BundesTeamni boshqarishi aniq.
Klopp 2025 yildan buyon Red Bull kompaniyasida xalqaro futbol aloqalari bo'yicha direktor lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning mazkur tashkilot bilan shartnomasi 2029 yil oxirigacha amal qilardi. Bundan avval esa u 2015–2024 yillar davomida Angliyaning "Liverpul" klubini boshqargan.
Eslatib o'tamiz, 3 iyul kuni Germaniya futbol ittifoqi (DFB) Julian Nagelsmann bilan tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qilganini e'lon qilib, Yurgen Klopp bilan muzokaralar o'tkazish niyati borligini ma'lum qilgan edi.