Kiran Makkenna «Ipsvich Taun»ni tark etishi mumkin
«Ipsvich Taun» bosh murabbiyi Kiran Makkenna jamoani tark etishi kutilmoqda. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.
Avvalroq «traktorchilar» ushbu mutaxassis qo‘l ostida Chempionship turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab, Angliya Premyer-ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, yuqori divizionning bir qator klublari murabbiyga qiziqish bildirmoqda. «Ipsvich Taun» Makkenna bilan xayrlashishni istamayotgan bo‘lsa-da, allaqachon uning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzodlarning qisqa ro‘yxatini (short-list) shakllantirgan.
Makkennaning faoliyatini davom ettirishi uchun eng ehtimoliy yo‘nalish sifatida «Kristal Pelas» ko‘rilmoqda. Mazkur klubni yozda Oliver Glasner tark etadi. Biroq «burgutlar» nomzodlar orasida Andoni Iraolani ham ko‘rib chiqishlari mumkin. Basklar yurti vakili bo‘lgan ushbu mutaxassis yozda «Bornmut»dan ketishi kutilmoqda.