Kilian Mbappening onasi Fransiyada so‘roq qilindi
Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappening onasi Fayza Lamari Fransiyada korrupsiya bilan bog‘liq tergov doirasida so‘roq qilindi. U Fransiya terma jamoasi xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Muhammad Sanhajiy bilan aloqalari yuzasidan tergovchilarning savollariga javob bergan. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Fayza Lamari Sanhajiydan to‘rt kishiga viza olishda yordam so‘raganlikda gumon qilinmoqda. Shu sababli u 9-oktabr kuni Parijda uch nafar tergov sudyasi tomonidan so‘roq qilingan. Ayni paytda Mbappening onasiga rasman ayblov e’lon qilinmagan. U tergov jarayonida maxsus huquqiy maqomga ega guvoh sifatida ishtirok etmoqda.
Tergov doirasida Kilian Mbappening o‘zi ham 30-sentabr kuni politsiya tomonidan so‘roq qilingan. Huquq-tartibot idoralari futbolchining 2023-yilda Muhammad Sanhajiyga o‘tkazgan 60 300 yevrolik to‘lovini o‘rganmoqda. Shuningdek, Mbappe va Sanhajiyning Kamerunga birgalikda qilgan safari ham tekshiruvga sabab bo‘lgan. Tergovchilar sobiq xavfsizlik xodimi shaxsiy xizmatlari uchun haq olgan-olmaganini aniqlashga harakat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Muhammad Sanhajiy 2004-yildan 2026-yilgacha Fransiya terma jamoasi xavfsizlik tizimida faoliyat yuritgan. U 16-sentabr kuni davlat mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq mablag‘larni qabul qilishda gumon qilinib, rasman tergov ostiga olingan. Hozircha Kilian Mbappe va uning onasining mazkur ishda aybdorligi aniqlanmagan.