“Kichik Messi” laqabli 15 yoshli iqtidor “Manchester Yunayted”ni tark etishni so‘radi
“Manchester Yunayted” akademiyasining eng katta iqtidorlaridan biri hisoblangan 15 yoshli Jey-Jey Gabriel klubni tark etish istagini rasman bildirdi. “Kichik Messi” laqabi bilan tanilgan futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan maqomini zudlik bilan bekor qilib, erkin agentga aylanishni so‘ragan. Bu haqda The Telegraph xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Gabriel hozircha boshqa klubga darhol o‘tishni rejalashtirmayapti. U 11 yoshidan buyon “Manchester Yunayted” tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Yosh futbolchining kutilmagan qarori klub rahbariyatini jiddiy hayratga solgan.
“Manchester Yunayted” esa vaziyatni hali yakunlangan deb hisoblamayapti. Klub Gabriel va uning vakillari bilan muzokara olib borib, futbolchini qolishga ko‘ndirishga umid qilmoqda. 15 yoshli hujumchi so‘nggi yillarda akademiyaning eng istiqbolli tarbiyalanuvchilaridan biri sifatida tilga olinib kelgan.
Ma’lumot uchun, Gabriel avvalgi mavsumda yoshlar darajasida 31 uchrashuvda 25 ta gol urgan. Yaqinda u UEFA Yoshlar ligasidagi debyutida ham xet-trik qayd etgan va “Manchester Yunayted”ning asosiy jamoasiga yaqinlashtirilayotgan futbolchilardan biri hisoblanardi.