Keynga Yevropaning top-klublari qiziqmoqda
“Bavariya” hujumchisi Harri Keynning kelajagi Yevropaning bir qator yetakchi klublari diqqat markazida qolmoqda. TEAMtalk'ning ma'lumotiga ko‘ra, vaziyatni “Barselona”, “Real”, “Manchester Yunayted”, “Chelsi” va “Manchester Siti” yaqindan kuzatib bormoqda.
Shunga qaramay, Myunxen klubi rahbariyati ingliz to‘purarning ehtimoliy ketishidan xavotirda emas. Klubdagilar Keyn yaqin orada yangi shartnoma imzolashiga ishonmoqda. Uning vakillari bilan muzokaralar bir necha oydan buyon davom etmoqda va rahbariyat kelishuvga erishish faqat vaqt masalasi ekanini ta’kidlamoqda.
Xabar qilinishicha, yangi bitim joriy yil oxiri yoki kelasi yilning yanvar oyida rasmiylashtirilishi kutilmoqda. 32 yoshli hujumchining amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan.
Bu jarayonni “Tottenhem” ham diqqat bilan kuzatmoqda. Chunki Keyn transferi vaqtida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, London klubi o‘zining sobiq sardori bilan bog‘liq vaziyat haqida ma’lumot olish huquqiga ega.
Shuningdek, Saudiya Pro-ligasi klublari ham ingliz forvardga qiziqish bildirmoqda. Biroq Keyn hozircha Yaqin Sharqqa ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotgani yo‘q. Agar u kelajakda Yevropani tark etishga qaror qilsa, uning asosiy tanlovi AQSHning MLS chempionati bo‘lishi mumkin. Ammo bu ssenariy hozircha yaqin istiqbolda ko‘rib chiqilayotgani yo‘q.