Kazemiro Messining jamoadoshiga aylanishi mumkin
«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Kazemiro faoliyatini AQSH yoki Braziliyada davom ettirishi mumkin. Jurnalist Ekrem Konurning xabar berishicha, futbolchi uchun «Inter Mayami» va «San-Paulu» klublari asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Kazemiro professional faoliyatini aynan «San-Paulu»da boshlagan. Braziliya klubi unga ikki yillik shartnoma hamda faoliyatini yakunlaganidan so‘ng klub tizimida ishlash imkoniyatini taklif qilmoqda.
Shu bilan birga, «Inter Mayami» ham kurashga qo‘shilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi allaqachon Floridaga tashrif buyurgan va Lionel Messining jamoadoshiga aylanishi mumkin.
Kazemironing «Manchester Yunayted» bilan amaldagi shartnomasi joriy mavsum yakunida tugaydi. Klub rahbariyati yanvar oyidayoq futbolchi bilan kelishuvni uzaytirmasligini tasdiqlagan edi.
Joriy mavsumda Kazemiro «Manchester Yunayted» safida barcha turnirlarda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 5 ta gol va 2 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.