Kazemiro AQShga tashrif buyurdi va «Inter Mayami» rahbariyati bilan uchrashdi
«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Kazemiro oilasi bilan Mayamiga safar qildi va u yerda MLS vakili «Inter Mayami» klubi rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
Avvalroq, tajribali braziliyalikka «Inter Mayami»dan tashqari, uning sobiq jamoasi — «San-Paulu» ham qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Braziliya klubi o‘z tarbiyalanuvchisiga ikki yillik shartnoma hamda futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng klub tizimida mas’ul lavozimni taklif qilishga tayyor.
Kazemironing «Manchester Yunayted» bilan amaldagi kelishuvi joriy mavsum yakunida o‘z nihoyasiga yetadi. Yanvar oyida «qizil iblislar» rahbariyati futbolchi bilan shartnomani uzaytirmasliklarini rasman tasdiqlagan edi.
Joriy mavsumda 34 yoshli yarimhimoyachi barcha musobaqalarda 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.