Kassano: «Hammasi tugadi»
Italiya terma jamoasi va «Milan»ning sobiq hujumchisi Antonio Kassano A Seriyaning 24-turidan o‘rin olgan «Milan» — «Komo» (1:1) uchrashuvidan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U joriy mavsumda «Inter» chempionlikni qo‘lga kiritishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.
«Bu o‘yinda har ikki darvozabon bir-biriga gol sovg‘a qildi. Ushbu vaziyatlar oralig‘ida «Komo» ijrosida ko‘plab sifatli hujumlar va mazmunli o‘yinni ko‘rdik. «Milan»da esa, odatdagidek, tartibsizlik hukmron, bunga hech narsa qilib bo‘lmaydi. «Milan»dek jamoaning shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etayotganiga ishona olmayman», — deya uning so‘zlarini keltiradi Pianeta Milan.
Kassano turnir jadvalidagi holatga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Endi «Inter» yetti ochkoga oldinlab ketdi, ularni quvib yetish juda va juda qiyin bo‘ladi. Nazarimda, hammasi tugadi. Birinchi kundan aytganimdek: ehtiyot bo‘ling, «Milan» boshqa jamoalar bilan bir guruh bo‘lib qolmasin, chunki raqiblar yaqinlashib kelmoqda. Oldinda jamoani 3-4 ta qiyin safar uchrashuvi, jumladan, derbi kutib turibdi».
Ayni damda «Milan» 25 ta o‘yindan so‘ng 54 ochko bilan Italiya chempionatida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi oʻrinda borayotgan «Inter» bilan farq yetti ochkoni tashkil etmoqda.