Karvaxal “Xetafe”ga o‘tish uchun o‘z shartini qo‘ydi
Madridning “Real” klubini tark etgan ispaniyalik himoyachi Dani Karvaxal faoliyatini “Xetafe”da davom ettirishi mumkin. Biroq tajribali futbolchi yangi jamoasi bilan shartnoma imzolash uchun muayyan talab qo‘ymoqda. Bu haqda Radio Marca ma’lumotlariga tayanib, Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 34 yoshli futbolchi “Xetafe”ga o‘tish uchun maoshini kamaytirishga tayyor. Biroq Karvaxal yangi shartnomaga alohida band kiritilishini talab qilmoqda. Unga ko‘ra, himoyachi qishki transfer oynasida boshqa klubdan taklif olsa, “Xetafe”ni tark etish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Hozirda Karvaxal erkin agent maqomida bo‘lib, yangi jamoa izlamoqda. So‘nggi kunlarda uning “Xetafe”ga o‘tishi haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, muzokaralar murakkab kechmoqda. Tomonlar o‘rtasida hozircha yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Ma’lumot uchun, Dani Karvaxal 2012/13-yilgi mavsumda Germaniyaning “Bayer” klubida to‘p surgan. Faoliyatining qolgan asosiy qismini esa Madridning “Real” jamoasida o‘tkazgan. Ispaniyalik himoyachi Madrid klubi bilan olti marta UEFA Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.