Karvaxal ‘‘Real Madrid’’dan nima sabab ketganini aytdi
‘‘Real Madrid’’ning sobiq sardori Dani Karvaxal Madrid klubini tark etish sabablari haqida gapirdi. Yaqinda ‘‘Xetafe’’ safiga qo‘shilgan 34 yoshli himoyachi faoliyatini boshqa mamlakat chempionatida davom ettirishni rejalashtirgani, biroq yakunda oilaviy sharoitni hisobga olib, Ispaniyada qolishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Karvaxal ‘‘Real Madrid’’ bilan shartnomasi yakunlangach, yangi muhitda o‘zini sinab ko‘rish va boshqa mamlakatda to‘p surishni istagan. Futbolchiga Yevropaning bir qator kuchli klublaridan, jumladan, Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoalardan ham takliflar bo‘lgan. Ammo taklif etilgan sharoitlar uning oilaviy talablariga mos kelmagan.
Karvaxal so‘nggi ikki yil davomida jarohatlar sabab muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmaganini ham ta’kidladi. Uning asosiy maqsadi yana yuqori saviyada futbol o‘ynash va jamoasiga yordam berishdan iborat. Himoyachining aytishicha, ‘‘Xetafe’’ loyihasi unga ma’qul kelgan va klubga qo‘shilish qarorini qabul qilish qiyin bo‘lmagan. Shuningdek, futbolchi Ispaniya terma jamoasiga qaytish imkoniyatini ham inkor etmadi.
Ma’lumot uchun, Karvaxal ‘‘Real Madrid’’ tizimida 23 mavsum faoliyat yuritib, asosiy jamoa bilan 27 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Ular orasida 6 ta Chempionlar ligasi, 4 ta La Liga va 2 ta Ispaniya kubogi bor. Himoyachi 2026-yil yozida Madrid klubini erkin agent sifatida tark etgan va oktabr oyida ‘‘Xetafe’’ bilan mavsum oxirigacha shartnoma imzolagan.