Karvaxal: «O‘yinimizni sezilarli darajada yaxshilashga majburmiz»
Madridning «Real» klubi himoyachisi Dani Karvaxal Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Albasete»ga qarshi o‘yinda uchragan kutilmagan 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat yuzasidan fikr bildirdi hamda muxlislarga murojaat qildi.
«Biz ko‘proq va yanada jiddiyroq ishlashimiz kerak. O‘yinimizni sezilarli darajada yaxshilashga majburmiz. Hozir biz talab etiladigan darajada emasmiz va maydonda bor kuchimizni berishga va’da beramiz», — deya Karvaxalning so‘zlarini keltiradi AS nashri.
«Albasete»ga qarshi bahs «qirollik klubi» uchun yangi bosh murabbiy Alvaro Arbeloa qo‘l ostidagi ilk uchrashuv bo‘ldi. Avvalroq mutaxassis ushbu lavozimda o‘z vatandoshi Xabi Alonsoni almashtirgandi.
Qayd etilishicha, Arbeloa «Real» tarixida so‘nggi to‘qqiz murabbiy ichida debyut uchrashuvida mag‘lub bo‘lgan ikkinchi mutaxassisga aylandi. Bungacha madridliklar safida xuddi shunday omadsiz startni Xulen Lopetegi ham qayd etgan — u 2018-yilgi Yevropa Superkubogida «Atletiko»ga 2:4 hisobida yutqazgandi.