Karrager Salohni tanqid qilgani uchun Misrga kiritilmasligi mumkin
«Liverpul»ning sobiq futbolchisi, Angliya milliy jamoasi afsonasi Jeymi Karrager Misrga kirishdan mahrum qilinishi mumkin. Bunga uning mersisaydliklar hujumchisi Muhammad Saloh haqidagi tanqidlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda Indykaila X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Salohning nufuzli do‘stlari ushbu masala ustida ishlamoqda.
Avvalroq Muhammad Saloh jamoada o‘ziga nisbatan munosabatdan norozi bo‘lganini ochiq aytgandi. U joriy mavsumda unga ajratilayotgan o‘yin vaqti asossiz ravishda kamayganini ta’kidladi. Bosh murabbiy Arne Slot esa uni UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichi 6-turi doirasidagi «Inter»ga qarshi o‘yinga umuman ro‘yxatga kiritmadi.
Shundan so‘ng, Jeymi Karrager Salohning intervyusini «sharmandalik» deb atab, uni murabbiyga qarshi oldindan rejalashtirilgan hujum sifatida baholadi. Keyinroq sobiq himoyachi yana shunday yozdi: «Bugun ‘Liverpul’ning g‘alabasini hech qachon bunchalik kuchli istamaganman!»