Karrager «MYU»ning navbatdagi murabbiyi kim bo‘lishi kerakligini aytdi
«Liverpul» klubi va Angliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Jeymi Karrager «Manchester Yunayted»ning kelajakdagi bosh murabbiyi lavozimiga «Aston Villa» ustozi Unai Emerini eng munosib nomzod deb hisoblamoqda.
The Telegraph nashriga ko‘ra, Karrager o‘z fikrini quyidagicha izohlagan:
«Unai Emeri dam olish kunlari «Old Trafford»ga «Manchester Yunayted»ning navbatdagi bosh murabbiyi bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod sifatida tashrif buyurishi kerak. Afsuski, Emerini ko‘pincha elit klublar qatoriga kirishga intilayotgan jamoalarda muvaffaqiyat qozonadigan, ammo allaqachon o‘zini elita deb hisoblaydigan grand klublarda kutilgan natijani bera olmaydigan mutaxassis sifatida ko‘rishadi».
Unai Emeri «Aston Villa» boshqaruvini 2022 yil 24 oktyabrda qabul qilib olgan. O‘sha vaqtda klub Premer-ligada jon saqlash uchun kurashayotgan edi. Hozirgi kunda esa Emeri qo‘l ostidagi jamoa APL turnir jadvalida 29 turdan so‘ng 51 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda va Yevropa ligasining 1/8 final bosqichida ishtirok etmoqda.