locale OZ

Karlush Keyrush Gana terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketganini e’lon qildi

Gana Jahon chempionatini 1/16 finalda yakunladi.
Futbol
Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Karlush Keyrush Gana terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketganini e’lon qildi
FOTO: Getty Images

Portugaliyalik taniqli mutaxassis Karlush Keyrush ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari orqali Gana milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi.

«Gana xalqiga murojaat qilmoqchiman. Futbol ham xuddi hayot kabi bizga bitta abadiy saboqni o‘rgatadi: sen yoki g‘alaba qozonasan, yoki o‘rganasan.

Men ushbu yo‘lni biz erishgan natijalardan faxrlangan holda, shu bilan birga — doimo ko‘rog‘iga intiladigan insonlarga xos sog‘lom qoniqmaslik hissi bilan yakunlamoqdaman. Yuqoriroq darajaga chiqish hech qachon yakuniy maqsad bo‘lmasligi kerak — u yanada ulkan maqsadlar sari boshlang‘ich nuqtaga aylanishi lozim.

"Qora yulduzlar"ning kelajagi faqatgina futbol maydonida qurilmaydi. Bu jamoaning muvaffaqiyati maydon tashqarisidan — Ganing ajoyib futbol talantlarini tayyorlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun imkon qadar eng yaxshi sharoitlarni yaratishdan boshlanishi kerak.

Futbol federatsiyasi prezidenti va rahbariyatiga — Gana milliy terma jamoasiga xizmat qilish imkoniyatini berishgani uchun ulkan tashakkur aytaman. Bu mamlakat va "Qora yulduzlar"ga xizmat qilish men uchun sharaf va imtiyoz bo‘ldi. Futbolchilarim hamda murabbiylar shtabiga — jasoratingiz, fidoiyligingiz va o‘z ishingizga bo‘lgan sodiqligingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Muxlislarga esa shuni aytmoqchiman: biz sport natijalaridan to‘liq qoniqish hosil qilmagan bo‘lsak-da, Gana ranglarini munosib himoya qilganimizni hamda eng buyuk futbol arenasida "Qora yulduzlar"ga bo‘lgan hurmat va nufuzni qaytarganimizni faxr bilan ayta olamiz.

Rahmat, Gana. Yo‘l endi boshlanmoqda», — deyiladi Keyrushning bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 guruh bosqichida Gana terma jamoasi Panamani mag‘lub etgan (1:0), Angliya bilan durang o‘ynagan (0:0) va Xorvatiyaga imkoniyatni boy bergan edi (1:2). Musobaqaning 1/16 final bosqichida esa jamoa Kolumbiya termasidan mag‘lubiyatga uchrab (0:1), turnirdagi ishtirokini yakunlagan edi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting