Kamoliddin Tojiyev: Tayyorgarlik yaxshi o‘tdi, yigitlar o‘yinga 100 foiz shay holatda
O‘zbekiston Superkubogi o‘yinidan avval jamoamiz bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev va yarim himoyachi Akmal Mozgovoy matbuot anjumanida qatnashdi.
Tojiyev: - Hammaga salom. Tayyorgarlik yaxshi o‘tdi, yigitlar o‘yinga 100 foiz shay holatda. O‘tgan bahsdagi xatolarni ko‘rib chiqdik. Barchada kayfiyat yaxshi. Muxlislarni chiroyli futbol va yutuq bilan xursand qilishga urinamiz.
Stadionda ishqibozlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Bu uchrashuvga qo‘shimcha energiya beradi.
Yigitlar bilan gaplashdik. Xatolarimizni ko‘rib chiqdik. Ertaga bir o‘yindan iborat kubok bahsi. Bunday bahslar hamisha qiziqarli kechadi.
Har bellashuvga o‘zi rejamiz bor. Bellashuvga qarab, hujumchi tanlaymiz. Asosiy tarkibda tushgan ham, zaxiradan tushganlar ham jamoaga yordam beradi. Kubokda favoritlar bo‘lmaydi. Kimnidir favorit deb aytish qiyin.
Penaltilar seriyasi ko‘proq omadga bog‘liq. Unga bir yil tayyorlanib ham gol urolmaslik mumkin. Shu sababli alohida hozirlik ko‘rmadik.
Mozgovoy: - Jamoada barchasi yaxshi holatda. Biz yaxshi hozirlik ko‘rishga harakat qildik. Ertaga bizni muhim bellashuv kutmoqda. Ishqibozlarimizni g‘alaba bilan xushnud etishga intilamiz.
Avvalgi o‘yin boshqa edi. Ertaga esa umuman boshqa uchrashuv. Bir o‘yinda hamma borini beradi. Biz yaxshi o‘yin namoyish qilamiz degan umiddaman.
Jamoaga yaxshi ko‘nikib ketdim. Moslashish uchun deyarli vaqt ham kerak bo‘lmadi. Ular bilan ilgari terma jamoalarda o‘ynaganmiz.
Biz Superkubokni yutish uchun keldik.