locale OZ

Kamoliddin Tojiyev: «Hech qanday ofsayd yo‘q edi. Ular chiziqni darvozani orqasidan chizishyapti»

O‘yindan keyin «Paxtakor» ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
Kamoliddin Tojiyev: «Hech qanday ofsayd yo‘q edi. Ular chiziqni darvozani orqasidan chizishyapti»
photo: Paxtakor FK

Superliganing 18-tur yakunida «Paxtakor» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qildi. G‘alaba juda zarur bo‘lgan bahsda mezbonlar qimmatli ochkolarni boy berdi va bahsda hisob ochilmadi. O‘yin oxirida mezbonlar gol urishdi, ammo hakamlar ofsayd deb topishdi va gol inobatga olinmadi. Bu esa bahsli vaziyatga sabab bo‘ldi.

O‘yindan keyin «Paxtakor» ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

- Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Oxirigacha kurashdik, gol urdik. Lekin qayerdan ofsayd topishganini bilmayman. Yana uch ochkodan mahrum bo‘ldik. Ofsayd chizig‘ini darvozani orqasidan chizishyapti. Umuman hech qanaqa ofsayd yo‘q edi. Hamma ko‘rgandir. Yigitlarga oxiragacha kurashishganiga rahmat aytaman.

- O‘yindan keyin takroriy vaziyatni ko‘rdingizmi? Balki uchrashuv chog‘ida xissiyotlarga berilib ketgan bo‘lishingiz mumkin.

- Ko‘rdik, o‘zimizni kamerada ko‘rdik. U yerda umuman ofsayd yo‘q. Aytyapman-ku, ular ofsayd chizig‘ini darvozani orqasidan chizib berishyapti. Darvozani ortidan chizishganda ham u yerda ofsayd yo‘q edi.

- Balki goldir, balki gol emasdir. Lekin «Paxtakor» 90 daqiqa davomida 2-3 ta gol urib qo‘yganida bu holatga sabab ham qolmasdi. Asosiy muammo boshqa joyda emasmi?

- Vaziyatlar yaratdik, yana golga aylantira olmadik. Hamma jamoa bizga kelib 200 foiz kurashadi. Shu bois biz ham qiynalamiz. Imkoniyatlar bo‘lyapti, yana gol ura olmadik.

- Raqibni hurmat qilgan holda «Surxon»dek jamoaga qarshi ikkita markaziy hujumchi bilan o‘ynasa bo‘lmasmidi? Hali markaziy hujumchilar birga o‘ynagani ko‘rmadik, o‘tgan yili ham ko‘rmagandik.

- Ikkita hujumchi tushirmasak ham hujumkor o‘yinchimiz bor. U ham ikkinchi hujumchi hisoblanadi.

- 8 kundan keyin «Neftchi» bilan Kubok o‘yini bo‘ladi. Undan avval «Dinamo»ga qarshi o‘yin bor. Bo‘lajak ikkita uchrashuvda ko‘proq kuch talab qilinadi. O‘zbek «El-Klassiko»siga qarshi bahs oldidan «Dinamo» bilan uchrashuvda rotatsiya qilasizmi?

- Yo‘q, biz hozir faqat «Dinamo»ni o‘ylayapmiz. «Neftchi» bilan uchrashuvga keyin «nastroy» qilamiz. «Dinamo» ham yaxshi jamoa. Biz hozir faqat shuni o‘ylayapmiz.

- OCHL qur’asida Saudiya klublariga qarshi to‘qnash kelasizlar. Yulduzli jamoalarga qarshi tushganinglar sizni ko‘proq xursand qildimi yoki o‘ylantirishga majbur qildimi?

- Yo‘q, nimaga? Yulduzlar keladi, biz ularga qarshi o‘ynaymiz. Aksincha, yaxshi bo‘ldi. Kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaganimiz qiziqarliroq bo‘ladi. Muxlislarimiz ham ko‘p yulduzlarni ko‘radi. Qur’adan mamnunmiz.

- Yangi futbolchilarni ishtirokini qanday baholaysiz? Ayman ham kutilganidek o‘yin namoyish qila olmayapti.

- Murtazo ozgina jarohat oldi. Xudo xohlasa, keyingi uchrashuvga tayyor bo‘ladi. Ayman endi jarohatidan chiqdi. Bugun u tonusda emasdi. Yaxshi futbolchilar va o‘z o‘yinlari bilan bizga yordam berishadi», - deya bosh murabbiyning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting