Kamoliddin Murzoyev: «To‘g‘risi, milliy jamoamizning o‘yinidan faxrlandim»
Bugun O‘zbekiston milliy jamoamiz safarda Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida maydonga tushdi va 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Lekin o‘yin tashkil etish borasida vakillarimiz yaxshiroq harakat qilganini ham ta’kidlash joiz. O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev esa bosh jamoamizning Koreyaga qarshi o‘yini va umuman FIFA kunlaridagi yig‘ini borasidagi Tribuna.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Kamoliddin aka, milliy jamoamizni Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik o‘yinidan olgan xulosangiz qanday bo‘ldi?
- Ochig‘ini aytsam, to‘g‘risi, bugungi o‘yindan juda zavqlandim. Milliy jamoamizni bunday yorqin o‘yinini anchadan beri tomosha qilmagandim. To‘g‘ri, natija biz kutgandek bo‘lmadi. Biroq shaxsiy fikrimni aytadigan bo‘lsam, bugungi o‘tish davrida oldimizda turgan yirik musobaqa oldidan chiroyli o‘yinlar o‘tkazib, mayli yutqazib bo‘lsa ham o‘z o‘yinimizni asta-sekin tiklab o‘z yo‘limizni tanlab olishimiz va bu o‘yin uchun yigitlarga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Maydonda borini berishdi. Ko‘plab vaziyatlar yaratishdi. Safarda ishchi guruhimiz, xalqaro FIFPRO tashkilotining boshqa a’zolari, xususan koreyalik vakillar bilan birgalikda tomosha qildik. To‘g‘risi, milliy jamoamizning o‘yinidan faxrlandim, deb bemalol ayta olaman.
- Kannavaro shogirdlari FIFA kunlarida uchta o‘yin o‘tkazib, Eron va Suriyani yengishdi va koreyslarga mag‘lub bo‘lishdi. Nima deb o‘ylaysiz, bu yig‘in biz uchun qanday o‘tdi?
- Har xil darajadagi yaxshi raqiblar bilan o‘ynaldi. Biz o‘tolmayotgan raqib deb hisoblayotgan Eron jamoasini bemalolchilikda, qiyinchiliklarsiz yutganimiz katta ko‘rsatkich. Suriya jamoasi ham qiyinchiliklarsiz zabt etildi. Janubiy Koreya bilan bo‘lgan uchrashuv alohida qarashga ega edi. Umuman olganda, musobaqa oldidan, FIFA kunlarida o‘ylaymanki, murabbiylar shtabi nazarda tutgan o‘yinlarni qila olishdi. O‘zlari ham mamnun bo‘lishdi, deb o‘ylayman.
- Sizningcha, Janubiy Koreya termasi biz uchun chindan ham noqulay raqibmi?
- Noqulay raqib demagan bo‘lardim. Janubiy Koreya kuchli raqib, tan olishimiz kerak. Ko‘p yillar davomida jahon chempionatlari ishtirokchisi bo‘lib kelyapti, buni amalda ham isbotlay olishgan. Boya aytib o‘tganimizdek, yana bir dovon – Eronni bosib o‘tdik. O‘ylaymanki, asta-sekinlik bilan Koreya bilan oradagi tafovut qisqargan. Bugungi uchrashuvda ham ko‘rdik. Mayli, bu o‘rtoqlik o‘yini bo‘lsin, ammo bellashuv davomida koreyslarga ko‘p jihatdan yutqazmadik, deb ayta olaman.
- Bugungi o‘yinda darvozabon Ne’matovning o‘yiniga qanday baho berasiz?
- To‘g‘ri, xatolar bo‘ldi. Lekin futbolchi bo‘lish yo‘lidagi yagona yo‘l – mehnat, qiyinchiliklar va shunday xatolarni yengib o‘tishdan iborat. Futbol xatolarsiz bo‘lmaydi. Bu kuchli o‘yinchilar uchun ularni oldidagi to‘siq bo‘ladi. Buni har doim yengib o‘tish kerak. O‘ylaymanki, Ne’matovni katta va yorqin kelajak kutib turibdi.
- Bosh murabbiy ushbu yig‘inda tarkibda rotatsiyalarni amalga oshirib, yoshartirmoqda. Shu bois bir qancha yetakchi futbolchilar jalb qilinmadi. Fabio Kannavaroning ushbu qaroriga nima degan bo‘lardingiz?
- Murabbiyga 100 foiz qo‘shilaman. Ko‘p mulohazalar bo‘lgandiki, aynan ko‘p yillar davomida milliy jamoamiz yig‘iniga chaqiriladigan futbolchilar asosi bir xil o‘yinchilardan iborat bo‘layotgandi. Bugungi kunda shu narsa ma’lum bo‘lyaptiki, har qanday futbolchi o‘zini yorqin formasida bo‘lsa, milliy jamoa murabbiylar shtabidan chaqiruv oladi. Bu doim har bir futbolchini yodida, fikrida bo‘ladi. Bu narsa asta-sekinlik bilan o‘tib borishi va umumiy milliy jamoaga nomzodlar soni oshib borishi bu bizning yutug‘imiz bo‘ladi. O‘z o‘rnida yoshlar ham qiyinchiliklarga duch kelishdi, ammo buni yengib o‘ta olishdi. Chunki bosim katta bo‘ladi. Koreya bilan bo‘lgan uchrashuvga e’tibor bersangiz ham tezlik, shiddat, futbolning umumiy borishi jarayoni yuqori nuqtada edi. Yoshlar esa o‘yin sur’atini buzib qo‘yishmadi. Bu biz uchun quvonarli holat. Ushbu o‘rtoqlik bahslari oldimizda turgan Osiyo Kubogi uchun yaxshi mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.
- Jahon chempionatidan keyin milliy jamoamizni uchta o‘yinini ko‘rdik. Mundialdan so‘ng bosh jamoamizda aynan qanaqa o‘zgarishlarni kutgandingiz va bu o‘ylaganlaringiz chindan ham amalda tatbiq etilmoqdami?
- O‘yindan oldingi murabbiyning bergan mulohazalariga ham quloq tutadigan bo‘lsak, jahon chempionati paytida futbolchilarni joylashuvi, o‘yin uslubiga aralashmaslikka harakat qildim dedi. Chunki mundialgacha bo‘lgan oraliq kichkina bo‘lmasa-da, katta ham emasdi. Biror narsani buzishdan oldin bir narsani qurib olish kerak. Menimcha, murabbiyni qarashlari shunga qaratilgan. O‘zgarishlar so‘zsiz bo‘ldi. O‘yinga e’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi davrda mag‘lubiyatga uchrab turganimizda yoki g‘alaba kerak paytda ko‘proq o‘yin uslubimizni saqlab qolardik. Bugun murabbiy tavakkalchilikka ham qo‘l urdi. Kerak bo‘lsa, maydonda uchta hujumkor futbolchilarni ham qoldirdi. Yoshlarga ham imkoniyat berdi. O‘yin uslubi jihatidan ham ko‘rinib turgandiki, biz mag‘lubiyat uchun maydonga tushmagandik. Buni kuzatishda davom etamiz. O‘zgarishlar, yangiliklar bir zumd