“Kalyari” futbolchisi basseyndagi hodisadan so‘ng reanimatsiyaga yotqizildi
Italiyaning “Kalyari” klubi hujumchisi Yael Trepi Sardiniyada yuz bergan baxtsiz hodisadan so‘ng shifoxonaning intensiv terapiya bo‘limiga yotqizildi. 20 yoshli futbolchi hozirda Sassari shahridagi “Santissima Annunziata” shifoxonasida davolanmoqda. Klub uning holatini diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qildi.
ANSA ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 16-avgust kuni Kosta-Smeralda hududidagi villalardan birining basseynida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Trepi basseynning chuqur qismiga tushib qolib, suvda qiynala boshlagan. Futbolchi cho‘kib ketish xavfi ostida qolgan va voqea joyida unga shoshilinch yordam ko‘rsatilgan.
Trepi tibbiy yordamdan so‘ng intubatsiya qilinib, vertolyot orqali Sassari shahridagi shifoxonaga olib ketilgan. “Kalyari” rasmiy bayonotida klub shifoxona va futbolchining oilasi bilan doimiy aloqada ekanini, uning holatidagi o‘zgarishlarni kuzatib borayotganini bildirdi. Shuningdek, klub futbolchi va uning yaqinlarining shaxsiy hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘radi.
Ma’lumot uchun, 20 yoshli Yael Trepi “Kalyari” safiga 2022-yilda qo‘shilgan. U o‘tgan mavsumda asosiy jamoa safida Serie A’dagi debyutini o‘tkazib, sakkizta uchrashuvda bitta gol urgan. Hodisadan bir necha kun avval esa Trepi Italiya Kubogida “Aretso”ga qarshi 1:0 hisobida yakunlangan bahsda 53 daqiqa maydonda harakat qilgan edi.