“Kalyari” futbolchisi basseyndagi baxtsiz hodisadan so'ng sun’iy komadan chiqarildi
Italiyaning “Kalyari” klubi hujumchisi Yael Trepi cho‘kish bilan bog‘liq baxtsiz hodisadan so‘ng sun’iy koma holatidan chiqarildi. 20 yoshli fransiyalik futbolchi hushiga kelgan va hozirda atrofdagilarga to‘liq javob bermoqda. Shifokorlar unda nevrologik shikastlanish alomatlarini aniqlamagan.
Hodisa Sardiniyaning Porto-Chervo hududidagi basseynda yuz bergan. Trepi suvda cho‘ka boshlagach, qutqarib qolingan va vertolyot orqali Sassari shahridagi “Santissima Annunziata” shifoxonasiga olib ketilgan. Hodisa oqibatida futbolchida nafas olish bilan bog‘liq jiddiy muammolar kuzatilgan.
Dastlab Trepi reanimatsiyaga joylashtirilib, sun’iy koma holatiga kiritilgan va o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish qurilmasiga ulangan. So‘nggi tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi endi mustaqil nafas olmoqda, yurak-qon tomir va nafas olish ko‘rsatkichlari barqaror. Shunga qaramay, u shifokorlar nazorati ostida reanimatsiyada qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Yael Trepi “Kalyari” akademiyasiga 2022-yilda kelib qo‘shilgan. U 2026-yil yanvarida asosiy jamoada debyut qilgan va A Seriya'dagi ilk uchrashuvidayoq gol urishga muvaffaq bo‘lgan.