Jyul Kunde faoliyatini APLda davom ettirishi mumkin
«Barselona»ning o‘ng qanot himoyachisi Jyul Kunde faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi mumkin. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
27 yoshli fransuz futbolchisiga «Liverpul», «Manchester Siti» va «Chelsi» kabi klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda. Xususan, mersisaydliklar mudofaa chizig‘ini yanada ishonchli himoyachi bilan kuchaytirishni rejalashtirgan. Boisi, jamoaning boshqa bir a’zosi Jeremi Frimpong ko‘proq hujumkor harakatlarga moyillik ko‘rsatmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, «qizillar» Kunde uchun taxminan 80 million yevro taklif qilishga tayyor.
Kataloniya klubi rahbariyati Kundeni yuqori baholaydi va uni jamoada olib qolishni istaydi. Biroq, agar moliyaviy jihatdan juda manfaatli taklif tushsa, klubning iqtisodiy holati sababli uni rad etish qiyin bo‘lishini tushunib turibdi.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, «Barselona» tushgan mablag‘ni tarkibni kuchaytirishga yo‘naltirmoqchi: klubning qisqa ro‘yxatidan (short-list) «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares va «Inter» himoyachisi Alessandro Bastoni o‘rin olgan. Kundening o‘rniga esa Joau Kanselu bilan shartnomani uzaytirish yoki «Yuventus» himoyachisi Andrea Kambyazoni sotib olish variantlari ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Jyul Kunde 2022 yilning iyul oyida «Sevilya»dan «Barselona»ga o‘tgan edi. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 40 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.