Jud Bellingem terma jamoada Skoulz, Bekxem va Lemparddan o‘zib ketdi
Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem JCh-2026 guruh bosqichining 1-turidan o‘rin olgan Xorvatiyaga qarshi uchrashuvda (4:2) gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, 22 yoshli xavbek «uch sherlar» safida yirik turnirlarda urilgan gollar soni bo‘yicha Angliya futboli afsonalari — Pol Skoulz, Devid Bekxem va Frenk Lempardni ortda qoldirdi. Bu haqda Squawka tahliliy sahifasi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Ayni damda Bellingemning hisobida Angliya terma jamoasi safida yirik musobaqalarda urilgan 4 ta gol mavjud. Skoulz, Bekxem va Lempard esa o‘z vaqtida yirik turnirlarda 3 tadan gol kiritishgan edi.
«L» guruhi 2-turida Angliya milliy terma jamoasi 23-iyun kuni Ganaga qarshi, 3-turda esa 28-iyun kuni Panamaga qarshi maydonga tushadi. Xorvatiya esa 2-turni 24-iyun kuni Panamaga qarshi, guruhdagi so‘nggi o‘yinini esa 28-iyun kuni Ganaga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, JCh-2026 guruh bosqichi o‘yinlari 11-iyundan 27-iyungacha davom etadi. Unda jamoalar aylanma tizimda (har biri uchtadan uchrashuv) o‘zaro bahs olib borishadi. Yakunda har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar, shuningdek, uchinchi o‘rinni band etgan eng yaxshi 8 ta jamoa pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.