Joze Mourinyuning «Real»ga qaytish shartlari ma’lum bo‘ldi
Madridning «Real» klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishi kutilayotgan «Benfika» ustozi Joze Mourinyuning rahbariyat oldiga qo‘ygan ikkita asosiy talabi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Birinchidan, Mourinyu transferlar bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishni istamoqda. Bunda gap nafaqat aniq bir o‘yinchilarni sotib olish, balki jamoaning kuchaytirilishi lozim bo‘lgan pozitsiyalarini belgilashdagi ta’sir doirasi haqida bormoqda.
Ikkinchidan, portugaliyalik mutaxassis klubdagi ierarxiya va barcha bo‘limlar faoliyati qat’iy tartibda amalga oshirilishini talab qilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad — joriy mavsumda jamoa vingeri Vinisius Junior va sobiq bosh murabbiy Xabi Alonso o‘rtasida yuzaga kelganidek ko‘ngilsiz vaziyatlarning oldini olishdir.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyu 2010 yildan 2013 yilga qadar «Real»ni boshqargan. O‘sha davrda mutaxassis Madrid klubi bilan Ispaniya chempionligi, shuningdek, mamlakat Kubogi va Superkubogida zafar quchgan edi.