Joze Mourinyu «Real»ga «Oltin toʻp» sohibini olib kelmoqchi
«Benfika» bosh murabbiyi, yaqin vaqtlar ichida Madridning «Real» klubini boshqarishi kutilayotgan Joze Mourinyu «qirollik klubi» rahbariyatidan «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Rodrini sotib olishni talab qilmoqda. Bu haqda Football Insider nashri xabar tarqatdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, 29 yoshli futbolchining «shaharliklar» safidagi kelajagi hamon qorongʻiligicha qolmoqda. Rodri ayni damda klub bilan 2027 yilning yozida yakuniga yetadigan shartnomasini uzaytirgani yoʻq. Shunga qaramay, «Manchester Siti» rahbariyati 2024 yilgi «Oltin toʻp» sohibini har qanday holatda ham jamoada saqlab qolish niyatida.
Ma’lumot uchun, Rodri joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 32 ta oʻyinda maydonga tushib, oʻz hisobiga 2 ta gol yozdirib qoʻydi. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga koʻra, ispaniyalik yarim himoyachining ayni paytdagi bozor qiymati 65 million yevroni tashkil etadi.