Joze Mourinyu «Real Madrid» bilan 2029 yilgacha shartnoma imzoladi — Romano
Portugaliyalik mashhur murabbiy Joze Mourinyu Madridning «Real» klubi bilan rasman shartnoma imzoladi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Manbaning maʼlum qilishicha, mutaxassisning «Qirollik klubi» bilan tuzgan kelishuvi 2029 yilning iyun oyiga qadar moʻljallangan. Hujjatlar allaqachon imzolangan va kuchga kirgan. Mourinyu kelasi haftada Madridga yetib kelishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Joze Mourinyu faoliyati davomida avval ham (2010 yilning iyulidan 2013 yilning iyunigacha) «Real»ni boshqargan edi. Madriddan ketganidan keyin u «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Tottenxem», «Roma», «Fenerbahche» va «Benfika» klublarida mehnat qildi.
Ortda qolgan 2025/2026 yilgi mavsumda uning boshqaruvidagi jamoa Portugaliya chempionatida 23 ta gʻalaba va 11 ta durang qayd etib, biror marta ham magʻlubiyatga uchramagan holda ajoyib natija koʻrsatdi.