Joze Mourinyu: «Madridda borimni berganman, muxlislar bilan rishtalarimiz esa abadiy»
Hozirda Lissabonning «Benfika» klubini boshqarayotgan Joze Mourinyu Yevropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichi doirasida o‘zining sobiq jamoasi — Madridning «Real» klubiga qarshi bo‘ladigan uchrashuv oldidan o‘z xotiralari va madridlik muxlislar haqida gapirdi.
«Madridliklar men haqimda iliq fikrlar bildirishganda nimalarni his qilaman? Men «Real»da qo‘limdan kelgan barcha ishni qilganman. Qaysidir jabhalarda muvaffaqiyatga erishdim, qayerdadir omadim kelmadi, lekin haqiqat shuki — men u yerda borimni berib ishlaganman.
Qachonki sen bor kuching bilan mehnat qilsang, o‘rtada abadiy davom etadigan bog‘liqlik paydo bo‘ladi. «Real» muxlislari meni aynan shu jihatim uchun hamon hurmat qilishadi va qadrlashadi. Mening Madrid klubidan mutlaqo gina-kuduratim yo‘q», — deya Mourinyuning so‘zlarini keltiradi Madrid Zone nashri.
Eslatib o‘tamiz, «Benfika» va «Real» o‘rtasidagi Chempionlar ligasining dastlabki pley-off bahsi 17 fevral kuni Lissabondagi «Da Lush» stadionida bo‘lib o‘tadi.