Joze Mourinyu ikki oʻyinga diskvalifikatsiya qilindi
«Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyu «Portu»ga qarshi kechgan (2:2) bahsda raqib tomonga qaratilgan nojo‘ya xatti-harakatlari hamda yuzaga kelgan mojaro sababli ikki o‘yinga chetlashtirildi. Bu haqda ESPN axborot agentligi xabar bermoqda.
Portugaliya Futbol Federatsiyasining intizomiy qo‘mitasi 63 yoshli mutaxassisga nisbatan ikki tomonlama jazo chorasini ko‘rdi. Murabbiy yakshanba kuni o‘tkazilgan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida texnik zonani tark etib, jamoasi gol urganidan so‘ng to‘pni «Portu» zaxira o‘rindig‘i tomon tepgani uchun bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Mourinyu o‘z navbatida to‘pni tribunaga yo‘llamoqchi bo‘lganini ta’kidlagan.
Shuningdek, «Portu» murabbiyi yordamchisi Lucho Gonsales bilan yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik tufayli mutaxassis 11 kunlik muddatga chetlashtirildi.
«Benfika» klubi 12 mart kuni qabul qilingan ushbu qarorlarga nisbatan norozilik bildirib, apellyatsiya shikoyatini kiritishini ma’lum qildi. Klub rahbariyati Mourinyuga nisbatan qo‘llanilgan jazo choralarini asossiz va adolatsiz deb baholamoqda.