Joze Mourinyo bugun Madridga yetib keladi, ertaga esa uning taqdimoti o‘tkaziladi
Portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo bugun, 9 iyun kuni Madridga yetib keladi. Uning «Real Madrid» bosh murabbiyi sifatidagi rasmiy taqdimoti esa ertaga, 10 iyun kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda jurnalist Ramon Alvares de Mon o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq, klub prezidentligi saylovida g‘alaba qozongan Florentino Peres portugaliyalik mutaxassis «qirollik klubi» bosh murabbiyi etib tayonlanishini rasman e’lon qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Mourinyo muqaddam 2010 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda ham «Real»da faoliyat yuritgan. Uning qo‘l ostida jamoa Ispaniya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan edi.
Yakunlangan mavsum yakunlariga ko‘ra, «qaymoqranglilar» birorta ham sovringa ega chiqa olishmadi. Mavsumning birinchi qismida jamoani Xabi Alonso boshqargan bo‘lsa, uning yanvar oyidagi iste’fosidan so‘ng boshqaruvni Alvoro Arbeloa o‘z qo‘liga olgan va u ham mavsum yakunlangach, lavozimini tark etgan edi.