Jorje Jezus: “Ronaldu yaxshi o‘ynasa — maydonga tushadi”
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezus Krishtianu Ronalduning milliy jamoadagi alohida maqomi unga asosiy tarkibdan joyni kafolatlamasligini ma’lum qildi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, 41 yoshli hujumchining maydonga tushishi uning ayni paytdagi sport formasiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda Portugaliyaning Renascença nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Jezus Ronaldu faoliyati davomida erishgan ulkan yutuqlarini e’tirof etgan, biroq tarkib tanlashda futbolchining o‘tmishdagi xizmatlari emas, hozirgi ko‘rsatkichlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan. Murabbiy besh karra “Oltin to‘p” sohibiga boshqa futbolchilar bilan bir xil sport tamoyili asosida yondashishini bildirgan.
“Uning o‘tmishi va faoliyati qarorimga ta’sir qilmaydi. Ronaldu boshqalardan farqli maqomga ega, albatta. Ammo u yaxshi o‘ynasa — maydonga tushadi, yaxshi o‘ynamasa — o‘ynamaydi”, — deya Jorje Jezusning so‘zlarini keltiradi manba. Portugaliya yangi murabbiy qo‘l ostidagi dastlabki uchrashuvini 24-sentabr kuni UEFA Millatlar ligasi doirasida Uelsga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 233 ta uchrashuvda 146 ta gol urgan. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha erkaklar terma jamoalari futbolida jahon rekordchisi hisoblanadi. Ronaldu Portugaliya safida 2003-yildan buyon to‘p tepib kelmoqda.