Jon Xeytinga 33 kunlik faoliyatidan soʻng «Tottenhem» murabbiylar shtabini tark etdi
«Tottenhem» klubi murabbiylar shtabida kutilmagan o‘zgarish yuz berdi. Niderlandiyalik mutaxassis Jon Xeytinga jamoaga kelganidan atigi 33 kun o‘tib, o‘z lavozimini tark etdi.
Xeytinga 2026 yilning yanvar oyi o‘rtalarida «shporlar» tarkibiga qo‘shilgan edi. Biroq jamoaning Premyer-ligadagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki rahbariyatni keskin choralar ko‘rishga majbur qildi: bosh murabbiy Tomas Frank iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga mavsum yakuniga qadar Igor Tudor tayinlandi.
The Athletic nashri xabariga ko‘ra, aynan Tudorning tayinlovi Xeytinganing ketishiga sabab bo‘lgan — niderlandiyalik murabbiy yangi shtabda qolishni istamagan.
Ma’lumot uchun, Jon Xeytinga so‘nggi yillarda bir nechta klublarda o‘zini sinab ko‘rdi:
- «Liverpul»: 2024-2025-yillarda Arne Slotning yordamchisi bo‘lib ishladi.
- «Ayaks»: 2025-yilning iyulidan noyabrigacha bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritdi, biroq qoniqarsiz natijalar tufayli bo‘shatildi.
Hozirda «Tottenhem» turnir jadvalining 16-pog‘onasiga tushib ketgan va o‘ta og‘ir holatda turibdi. Igor Tudor boshqaruvidagi jamoani 22 fevral kuni «Arsenal»ga qarshi kechadigan Shimoliy London derbisi kutmoqda.