«Johor Darul Ta'zim» milliy chempionatda mag'lubiyatsiz o'yinlar bo'yicha jahon rekordini o'rnatdi
Malayziyaning «Johor Darul Ta'zim» klubi milliy chempionatda ketma-ket mag'lubiyatsiz o'tkazilgan uchrashuvlar soni bo'yicha jahon rekordini o'rnatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yangi mavsumning 1-turida «Johor» «Kuching»ni 3:0 hisobida mag'lub etdi. Shu tariqa klubning Malayziya chempionatidagi mag'lubiyatsiz seriyasi 109 ta o'yinga yetdi.
Malayziyaliklar ushbu natija bilan Kot-d’Ivuarning «ASEC Mimosas» klubiga tegishli rekordni yangiladi. «ASEC Mimosas» 1989 yildan 1994 yilgacha milliy chempionatda 108 ta uchrashuv davomida mag'lub bo'lmagan edi.
«Johor Darul Ta'zim» o'tgan mavsumning so'nggi uchrashuvida mazkur natijani takrorlagandi. Yangi mavsumdagi g'alaba esa klubga rekordni yangilash imkonini berdi.
«Johor» so'nggi to'rt mavsumda Malayziya chempioni bo'lgan. Klub milliy chempionatda eng so'nggi mag'lubiyatini 2021 yil aprel oyida qabul qilgan. Shundan beri jamoa mamlakat chempionatida biror marta ham mag'lub bo'lmagan.