Joan Laporta «Barselona» prezidentligi saylovlarida yetakchilik qilmoqda — manba
TV3 telekanali tomonidan klub a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Joan Laporta «Barselona» prezidentligi uchun saylovlarda yetakchilik qilmoqda.
Ovoz berish jarayonida ishtirok etgan 400 nafar shaxs o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashuvchilarning 66,6 foizi Laportaga ovoz berganini ma’lum qilgan. Uning asosiy raqibi Viktor Font esa so‘rovnomada 30,9 foiz ovoz to‘plagan. Ishtirokchilarning juda kam qismi aniq bir nomzodni ko‘rsatmagan yoki o‘z tanlovini oshkor qilishni istamagan.
Joan Laporta uchinchi bor ushbu lavozimga saylanishi kutilmoqda. Ispaniyalik mutaxassis avvalroq 2003 yildan 2010 yilgacha hamda 2021 yildan 2026 yilgacha «ko‘k-anorranglilar»ga rahbarlik qilgan.
Hozirgi vaqtda ovozlarni rasmiy hisoblash jarayoni davom etmoqda. Saylovda g‘olib chiqqan nomzod joriy yilning 1 iyulidan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi va Kataloniya klubini 2031 yilga qadar boshqaradi.