Jizzax viloyatida “Soʻgʻdiyona” futbol akademiyasi foydalanishga topshirildi
Bugun Jizzax viloyatida zamonaviy talablarga javob beruvchi yangi futbol akademiya foydalanishga topshirildi.
Akademiyaning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimligi, OʻFA mutasaddilari, viloyat sport boshqarmasi “Soʻgʻdiyona” vakillari, shuningdek, OAV va futbol faollari ishtirok etdi.
Yangi akademiya futbolchilar uchun barcha qulayliklarga ega — mashg‘ulot maydonlari, sport zali, yotoqxona, ovqatlanish bloki hamda zamonaviy o‘quv xonalari bilan jihozlangan.
Ushbu akademiyada Jizzax viloyatidagi iqtidorli o‘smirlar mashg‘ulot olib borishadi va ular bilan malakali murabbiylar shug‘ullanadi. Tadbirda ishtirok etganlar ushbu maskandan Oʻzbekiston terma jamoalari sharafini himoya qiladigan iste’dodli futbolchilar yetishib chiqishiga tilak bildirishdi.