Jeremi Jake: «Liverpul» bilan shartnoma imzolash men uchun katta sharaf»
«Renn» himoyachisi Jeremi Jake Angliyaning «Liverpul» klubiga o‘tganini tasdiqladi. Mersisaydliklar 20 yoshli iqtidorli futbolchi uchun kurashda «Chelsi»ni ortda qoldirib, 60 million yevro to‘lashga rozi bo‘lishdi. Kelishuvga ko‘ra, markaziy himoyachi joriy mavsum yakuniga qadar Fransiya chempionatida to‘p surishda davom etadi.
«Dunyoning eng buyuk klublaridan biri — «Liverpul» bilan shartnoma imzolash men uchun katta sharaf. Shu bilan birga, o‘zim o‘sib-ulg‘aygan va men uchun qadrli bo‘lgan «Renn»dagi sarguzashtlarimni yuqori notada yakunlash juda muhim edi.
Mavsumning ikkinchi qismida jamoadoshlarim va muxlislarimiz bilan birga ajoyib his-tuyg‘ularni boshdan kechirish istagidaman», — deya Jakenining so‘zlarini keltirmoqda Goal nashri.
Eslatib o‘tamiz, Jeremi Jake Fransiya U21 yoshlar terma jamoasi safida 5 ta o‘yinda ishtirok etgan. U joriy mavsumda «Renn» tarkibida mamlakat oliy divizionida 18 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Ma’lumot uchun, markaziy himoyachi 2024 yil yanvar oyidagi debyutidan buyon «Renn»ning asosiy tarkibida jami 31 ta o‘yinda ishtirok etishga ulgurdi.