Jeremi Boga faoliyatini «Yuventus»da davom ettirishga yaqin turibdi
«Nitsa» vingeri Jeremi Boga faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishga yaqin turibdi. 29 yoshli futbolchi ijara asosida «Yuventus»ga o‘tishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda. Bu haqda insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
Klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, turinliklar mavsum yakunida ivuarlik vingerning transfer huquqini 5 million yevro evaziga sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ma’lumot uchun, Boga 2023 yilning yozidan buyon «Nitsa» sharafini himoya qilib kelayotgan edi. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Futbolchining fransuz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ayni damda uning bozor qiymatini 8 million yevro deb baholamoqda.