JCh-2026 saralashi: O‘zbekiston – BAA uchrashuvining vaqti va stadioni e'lon qilindi
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha 2026 yildagi jahon chempionati saralash bosqichidagi navbatdagi muhim uchrashuvini safarda o‘tkazadi. Bu bahsda yurtdoshlarimiz Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) ushbu uchrashuv sanasi, boshlanish vaqti va stadioni nomini rasmiy e'lon qildi.
O‘yin 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Abu-Dabidagi «Al Nahayon» stadionida bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi uchun jahon chempionatiga saralashda hal qiluvchi bahslardan biri hisoblanadi. Hozirda O‘zbekiston A guruhida 17 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, BAA esa 13 ochko bilan uchinchi o‘rinda.
Eslatib o‘tamiz, A guruhidan chiqishni birinchi bo‘lib ta'minlagan jamoa — Eron bo‘ldi. U oxirgi turda O‘zbekistonga qarshi bahsda 2:2 hisobida durang qayd etgan edi.