JCH—2026: Angliya 10 kishi bo‘lib ham Meksikani mag‘lub etdi
2026-yilgi FIFA Jahon chempionatining 1/8 finalida Angliya terma jamoasi Meksikani 3:2 hisobida mag‘lub etib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mexiko shahridagi "Asteka" stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hisobni 36-daqiqada Jud Bellingham ochdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib u dublni rasmiylashtirib, Angliyaning ustunligini ikki to‘pga yetkazdi.
42-daqiqada meksikalik Xulian Kinyones hisobdagi farqni qisqartirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 54-daqiqada angliyalik himoyachi Jarrell Kuansa qizil kartochka olib maydonni tark etdi va jamoasi o‘yinning qolgan qismini bir kishi kam bo‘lib davom ettirdi.
Shunga qaramay, 60-daqiqada Harri Keyn penaltidan gol urib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga olib keldi. Bu gol hujumchining turnirdagi oltinchi goli bo‘ldi. 69-daqiqada Raul Ximenes ham penaltidan aniq zarba yo‘llab, Meksikaning ikkinchi golini urdi. Biroq uchrashuv yakuniga qadar mezbonlar hisobni tenglashtira olmadi.