JCh-2026'dan chetlatilgan hakam 38 yoshida vafot etdi
Niderlandiyalik futbol hakami Rob Diperink 38 yoshida vafot etdi. Uning vafoti haqidagi xabarni Niderlandiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi (KNVB) rasman tasdiqladi. Hozircha o‘lim sababi oshkor etilmagan.
Diperink 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida ishlashi rejalashtirilgan hakamlardan biri edi. Biroq u Buyuk Britaniyada voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka doir ayblovlar yuzasidan hibsga olinganidan so‘ng FIFA tomonidan mundial hakamlari ro‘yxatidan chiqarilgandi. Keyinchalik tergov organlari ayblovni tasdiqlovchi yetarli dalillar topilmagani sababli ishni yopgan va hakam aybsiz ekanini ta'kidlab kelgan.
Rob Diperink 2012-yildan professional hakam sifatida faoliyat yuritgan. U 2017-yildan boshlab Niderlandiya chempionatining oliy divizionida uchrashuvlarni boshqargan, shuningdek, UEFA Yevro-2024 musobaqasida VAR hakami sifatida ham ishlagan.
KNVB marhum hakamning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, uning futbol rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e'tirof etdi.