JCh-2026 ortidan murabbiylar almashinuvlari. 8 nafar murabbiy ishsiz qoldi
2026 yilgi Jahon chempionatining eng qiziqarli pallasi endi boshlanayotgan bo‘lsa-da, ayrim terma jamoalar uchun turnir allaqachon yakunlandi.
Odatdagidek, muvaffaqiyatsiz natijalardan so‘ng qator milliy federatsiyalar bosh murabbiylar bilan xayrlashishga qaror qildi. Hozirgacha 8 nafar murabbiy o‘z lavozimidan bo‘shatildi. Biz ularga alohida to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.
Ronald Kuman — Niderlandiya
Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kuman Jahon chempionatidagi omadsiz ishtirokdan so‘ng isteʼfoga chiqdi. Federatsiya u bilan shartnomani uzaytirish ehtimolini ko‘rib chiqqan bo‘lsa-da, mutaxassis bu qarorni shaxsan o‘zi qabul qildi.
Marokashga qarshi 1/16 finaldagi mag‘lubiyat (1:1, penaltilarda 2:3) Kuman uchun hal qiluvchi omilga aylandi.
“Biz Jahon chempionatida tarix yozishni orzu qilgandik. Bu amalga oshmadi. Bundan mendan ko‘ra ko‘proq hech kim xafa emas. Bosh murabbiy sifatida barcha masʼuliyatni o‘z zimmamga olaman”, — dedi Kuman.
Bu uning terma jamoadagi ikkinchi faoliyati edi. Ilk bor u 2018 yilda jamoani qabul qilib, Niderlandiyani Yevro-2020ga olib chiqqan. Keyin “Barselona”ga o‘tgan Kuman 2022 yilgi mundialdan so‘ng yana termaga qaytdi. Uning qo‘l ostida jamoa Yevro-2024 yarim finaligacha yetib borgan edi.
Sebastyan Bekkasese — Ekvador
Argentinalik Sebastyan Bekkasese uchun vazifa Ekvador tarixidagi eng yaxshi Jahon chempionatini o‘tkazish edi.
Guruh bosqichida Germaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan jamoa yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq 1/16 finalda Meksikaga 0:2 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi.
“Biz vaʼda qilingan natijaga erisha olmadik. Lekin juda ahil jamoa qoldirdik. Oldindagi kelajak uchun hali ham katta ishonch bor”, — dedi Bekkasese.
Hozircha uning keyingi faoliyati va Ekvadorning yangi murabbiyi kim bo‘lishi nomaʼlum.
Marselo Byelsa — Urugvay
Urugvay terma jamoasi guruh bosqichidan o‘ta olmaganidan so‘ng Marselo Byelsa ham lavozimini tark etdi.
Matbuot anjumanida u qariyb bir yarim soat davomida jamoaning muvaffaqiyatsizligi sabablarini tahlil qildi.
“Masʼuliyat to‘liq menda. Ixtiyorimdagi futbolchilar salohiyatidan to‘liq foydalana olmadim. Boshqacha qaror qabul qilganimda ham natija o‘zgarishiga ishonmayman”, — dedi Byelsa.
Urugvay terma jamoasiga asosiy nomzod sifatida Marselo Galyardo ko‘rilmoqda.
Xon Myon Bo — Janubiy Koreya
Janubiy Koreyaning Janubiy Afrikaga qarshi hal qiluvchi mag‘lubiyati (0:1) mamlakatda katta tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Bosh murabbiy Xon Myon Bo o‘z isteʼfosini eʼlon qilib, barcha aybni o‘z zimmaga oldi.
“Koreya xalqidan chin dildan uzr so‘rayman. Terma jamoa bosh murabbiyligidan ketaman. Natija uchun to‘liq javobgarman”, — dedi u.
Stiv Klark — Shotlandiya
Stiv Klark rahbarligida Shotlandiya 28 yildan so‘ng Jahon chempionatiga chiqqan edi.
Biroq guruhda faqat Gaitini mag‘lub etgan shotlandlar Marokash va Braziliyaga yutqazib, pley-offga chiqa olmadi.
Turnirdan bir oy oldin to‘rt yillik yangi shartnoma imzolagan Klark ham isteʼfoga chiqishga qaror qildi.
Ayni paytda uning o‘rniga asosiy nomzod sifatida Angelos Postekoglu ko‘rilmoqda.
Miroslav Koubek — Chexiya
Chexiya terma jamoasi guruh bosqichida atigi bir ochko to‘pladi va musobaqani tark etdi.
Bosh murabbiy Miroslav Koubek jamoatchilik bosimi ortidan isteʼfoga chiqdi.
“Bu qarorga natijalar bilan birga menga qarshi olib borilgan asossiz media kampaniya ham taʼsir qildi”, — dedi mutaxassis.
Sabri Lyamushi — Tunis
Tunis terma jamoasi bosh murabbiyi Sabri Lyamushi Shveysiyaga qarshi 1:5 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyinoq ishdan bo‘shatilgan edi.
Uning o‘rniga kelgan Erve Renar ham jamoani qutqara olmadi — Tunis uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, umumiy hisobda 12 ta gol o‘tkazib bordi.
Yulian Nagelsmann — Germaniya
Germaniya uchun turnir omadsiz yakuniga yetdi. Natijada federatsiya Yulian Nagelsmann bilan xayrlashishga qaror qildi. Uning 2028 yilgacha shartnomasi bo‘lishiga qaramay, muddatidan oldin kelishuv to‘xtatildi. Buning evaziga murabbiyga 7 million yevro atrofida tovon puli to‘lanadigan bo‘ldi.
Uning o‘rnini Yurgen Klopp egallashi kutilmoqda. U aynan terma jamoada ishlash uchun murabbiylik faoliyatini tiklashga qaror qilgan. Yakuniy gap Germaniya futbol ittifoqida qolmoqda.