JCh-2026 ochilish oʻyinidan avval stadion yaqinida hushini yoʻqotgan muxlis vafot etdi
Meksika va JAR terma jamoalari oʻrtasidagi Jahon chempionatining ochilish uchrashuvi boshlanishidan bir necha daqiqa oldin «Atsteka» stadioni yaqinida hushini yoʻqotgan muxlis hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda jurnalist Patrisiya Estrada maʼlum qildi.
Avvalroq shifokorlar ushbu erkakka yurak-oʻpka reanimatsiyasini amalga oshirayotgani aks etgan video tasvirlar tarqalgan edi. Berilgan maʼlumotlarga koʻra, 40 yoshlar hisoblangan muxlis stadionga kirgandan soʻng yurak xurujini (infarkt) boshdan kechirgan.
Eslatib oʻtamiz, turnirning asosiy bosqichida 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgan boʻlib, ular 4 tadan 12 ta guruhga boʻlingan. Musobaqaga mezbonlik qilayotgan uch mamlakat (AQSH, Kanada, Meksika) turnirda toʻgʻridan-toʻgʻri qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan, qolgan jamoalar esa saralash bosqichidan oʻtib kelishdi.
Guruh bosqichi oʻyinlari 11-iyundan 27-iyunga qadar davom etadi. Unda jamoalar bir davrali tizimda oʻzaro bahs olib borishadi (har bir terma jamoa uchtadan oʻyin oʻtkazadi). Pley-off bosqichiga har bir guruhdan ikkitadan eng yaxshi jamoa hamda uchinchi oʻrinni band etgan eng kuchli 8 ta terma jamoa yoʻl oladi. Musobaqa davomida jami 104 ta uchrashuv oʻtkaziladi va bu Jahon chempionatlari tarixidagi mutloq rekord koʻrsatkichdir.