JCh-2026 ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Bugun, 11 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir Meksika poytaxti Mexikodagi muhtasham «Atsteka» stadionida tashkil etildi. Marosimda taniqli xonanda Shakira, shuningdek, Andrea Bocelli, EJAE va J Balvin kabi ijrochilar oʻz dasturlari bilan chiqish qilishdi. Ayni daqiqalarda dunyo birinchiligining ochilish uchrashuvi — Meksika va JAR terma jamoalari oʻrtasidagi bahs davom etmoqda.
Turnirning asosiy bosqichida 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgan boʻlib, ular 4 tadan 12 ta guruhga boʻlingan. Musobaqaga mezbonlik qilayotgan uch mamlakat (AQSH, Kanada, Meksika) turnirda toʻgʻridan-toʻgʻri qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan, qolgan jamoalar esa saralash bosqichidan oʻtib kelishdi.
Guruh bosqichi oʻyinlari 11 iyundan 27 iyunga qadar davom etadi. Unda jamoalar bir davrali tizimda oʻzaro bahs olib borishadi (har bir terma jamoa uchtadan oʻyin oʻtkazadi). Pley-off bosqichiga har bir guruhdan ikkitadan eng yaxshi jamoa hamda uchinchi oʻrinni band etgan eng kuchli 8 ta terma jamoa yoʻl oladi. Musobaqa davomida jami 104 ta uchrashuv oʻtkaziladi va bu Jahon chempionatlari tarixidagi mutloq rekord koʻrsatkichdir.