JCh-2026. Iroq Boliviya ustidan gʻalaba qozonib, JCh-2026 yoʻllanmasini rasmiylashtirdi
31 martdan 1 aprelga oʻtar kechasi Iroq va Boliviya milliy terma jamoalari oʻrtasida qitʼalararo oʻtish bosqichining hal qiluvchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur bahsda Iroq terma jamoasi 2:1 hisobida gʻalaba qozonib, Jahon chempionatining final bosqichiga yoʻllanma oldi.
Uchrashuvning 10 daqiqasida Ali Al-Hamadi hisobni ochgan boʻlsa, tanaffusga qadar boliviyaliklar Moyses Paniaguaning saʼy-harakatlari bilan muvozanatni tiklashga muvaffaq boʻlishdi. Biroq 53-daqiqada Aymen Husseyn tomonidan kiritilgan gol uchrashuvda yakuniy natijani belgilab berdi. Janubiy Amerika vakillarining oʻyin oxiriga qadar amalga oshirgan hujumlari natija bermadi.
Qur’a natijalariga koʻra, Iroq terma jamoasi mundialning guruh bosqichida Fransiya, Senegal va Norvegiya jamoalari bilan kuch sinashadi.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar boʻlib oʻtadi. Musobaqa tarixida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi va oʻyinlar uchta mamlakat — AQSH, Kanada hamda Meksika stadionlarida oʻtkaziladi.