JCh-2026 final oʻyini chiptalari avvalgi mundialga nisbatan 10 baravar qimmatlashdi
2026 yilgi Jahon chempionati oʻyinlariga chipta narxlari avvalgi mundialga nisbatan keskin oshib ketdi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, turnirning ochilish uchrashuvi uchun chiptalar 370 dollardan boshlanadi, eng qimmat o'rinlar esa 1800 dollargacha yetadi. Taqqoslash uchun, Qatardagi mundialda bu koʻrsatkich mos ravishda 55 va 618 dollar boʻlgan.
Nyu-Yorkda oʻtadigan final oʻyini uchun eng arzon chipta narxi 2000 dollar, oʻrtacha narx esa 3900 dollarga teng — bu avvalgi eng arzon chiptalardan 10 baravar qimmat degani.
Shuningdek, stadionlardagi o'rindiqlar sxemasi e'lon qilingan internet manbalarda 60 dollarlik chiptalarni topish deyarli imkonsiz ekani qayd etilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida oʻtkaziladi. Turnir 11 iyundan 19 iyulga qadar boʻlib oʻtadi.