Jazoir FIFAga Shimon Marchinyak ustidan rasmiy shikoyat kiritdi
Jazoir futbol federatsiyasi Jahon chempionati guruh bosqichidan o‘rin olgan Jazoir va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda polshalik bosh hakam Shimon Marchinyak tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolar yuzasidan FIFAga rasmiy shikoyat ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda TSA nashri xabar tarqatdi.
Taqdim etilgan shikoyatnomada qayd etilishicha, uchrashuv davomida argentinalik futbolchilar tomonidan sodir etilgan ikkita jiddiy qoidabuzarlik hakam tomonidan jazosiz qoldirilgan. Birinchi vaziyat o‘yinning 31-daqiqasida yuz bergan: Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi raqib himoyachisi Aissa Mandining boldir qismiga butsasining tishlari (shipi) bilan ochiqchasiga zarba bergan bo‘lsa-da, Marchinyak hatto sariq kartochka ham ko‘rsatmagan.
Ikkinchi hakamlik xatosi sifatida uchrashuvning 74-daqiqasida argentinalik yarim himoyachi Aleksis Mak Allisterning jazoirlik vinger Ibraxim Maza yuz qismiga tirsak bilan zarba bergani ko‘rsatilgan. To‘qnashuv oqibatida jazoirlik futbolchi maydonga yiqilgan, biroq hakam bu vaziyatda ham penalti belgilashni lozim topmagan.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv Argentina terma jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Jamoa sardori Lionel Messi 17, 60 va 76-daqiqalarda gollarga mualliflik qilib, xet-trik qayd etdi. «J» guruhi 1-tur yakunlariga ko‘ra, Argentina va Jazoir terma jamoalari mos ravishda birinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallab turishibdi.