Jasur Jumayev: «Moyliyev yoshlar jamoasidagi ustozim edi»
“Kattaqo’rg’on”ning qashqadaryolik himoyachisi Jasurbek Jumayev bo’lajak bahs oldidan o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi:
— “Lochin” bilan bo‘ladigan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoada kayfiyat yaxshi. Xudo xohlasa, maydonga faqat g‘alaba uchun tushamiz va ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz.
— Bu jamoada avvaldan tanish futbolchilar ham bormi?
— Ha, bu jamoa asosan “Nasaf” akademiyasidan chiqqan futbolchilardan tashkil topgan. Ularning ko‘pchiligi bilan birga o‘ynaganman. Bundan tashqari, “Lochin” jamoasi bosh murabbiyi Eldor Moyliyev ham “Nasaf” akademiyasida yoshlar jamoasidagi murabbiyim bo‘lgan.
— Ushbu uchrashuvdan keyin tanaffus boshlanadi. Bu safar tanaffus odatdagidan uzoqroq bo‘lmoqda. Bu jamoalarga qanchalik ta’sir qiladi?
— Hozircha barcha e’tiborimiz ertangi o‘yinga qaratilgan. O‘yindan keyin, nasib qilsa, murabbiylar keyingi yig‘in sanalarini aytishadi va ta’tilga chiqamiz. Albatta, uzoq tanaffus har bir futbolchining formasiga ma’lum darajada ta’sir qiladi. Lekin professional futbolchi sifatida tanaffus paytida ham o‘z ustimizda ishlashimiz kerak bo‘ladi.