Jastin Biber JCh-2026 final o‘yinining tanaffusida chiqish qiladi
Kanadalik taniqli xonanda Jastin Biber futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati final uchrashuvining tanaffusida chiqish qiladigan san’atkorlar safidan joy oladi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rasmiy saytida ma’lum qilindi. Avvalroq ushbu shouda Madonna, Shakira hamda Janubiy Koreyaning BTS guruhi ishtirok etishi e’lon qilingan edi.
Mazkur konsert dasturi bolalarning ta’lim va futbolga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 million dollar yig‘ishni ko‘zlagan FIFA global ta’lim jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash doirasida tashkil etilmoqda. Mundial o‘yinlariga sotilgan har bir chiptadan bir dollar ushbu jamg‘armaga o‘tkaziladi. Hozirgi vaqtga qadar 50 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ib bo‘lindi.
«Jahon chempionati dunyoni boshqa hech narsa qila olmaydigan darajada birlashtiradi. Final tanaffusidagi ushbu shouning bir qismi bo‘lish imkoniyatidan mamnunman, chunki u butun dunyodagi bolalar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda», — deya Biberning so‘zlarini keltirmoqda FIFA sayti.
Shuningdek, shou dasturida Shakira bilan birgalikda chempionat madhiyalaridan biri hisoblangan «Dai Dai» taronasini ijro etgan nigeriyalik xonanda Burna Boy, venesuelalik dirijyor Gustavo Dudamel hamda Coldplay guruhi ishtirokidagi PS22 Chorus jamoasi ham qatnashadi.