Janublik iste’dodlar e’tiborda: terma jamoaga yangi nomzodlar saralandi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan seleksiya ishchi guruhining navbatdagi manzili — Qarshi shahri bo‘ldi. “Geolog” sport majmuasida o‘tkazilgan saralash mashg‘ulotlarida Qashqadaryo bilan bir qatorda Surxondaryo viloyatining iqtidorli yosh futzalchilari ham ishtirok etdi.
Hududlararo hamkorlik asosida tashkil etilgan ushbu seleksiya yosh iste’dodlarni yanada kengroq qamrovda kuzatish va baholash imkonini berdi. Mashg‘ulotlarda 40 nafardan ortiq futzalchi o‘z mahoratini namoyish qildi.
Terma jamoalar murabbiylari futbolchilarning individual texnik-taktik saviyasi, jismoniy tayyorgarligi hamda o‘yin amaliyotini sinchiklab kuzatishdi. Yakunda istiqbolli futzalchilar saralanib, terma jamoalarga nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi.
Yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning salohiyatini rivojlantirish va milliy terma jamoalar uchun munosib zaxira yaratishga qaratilgan seleksiya tadbirlari endi Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida davom ettiriladi.